Uy va turar joyning inventar yig‘ma jildidan olingan ma’lumotlar ayrim turlaridan ko‘chirmalar va nusxalar berish tartibini belgilash to‘g‘risida

O‘zbekiston  Respublikasining “Davlat kadastrlari to‘g‘risida” gi  Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 20-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining uy-joy fondini davlat yo‘li bilan hisobga olish to‘g‘risida”gi 18-son Qarori hamda O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunning 6, 25-moddalariga muvofiq,

QAROR  QILAMAN:

(Yukllab olish PDF)

1. Uy va turar joyning inventar yig‘ma jildidan olingan ma’lumotlar ayrim turlaridan ko‘chirmalar va nusxalar berish tartibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Davlat kadastrlari palatasi shahar filiali (F.Ibragimov) mazkur qaror bilan tasdiqlangan “Uy va turar joyning inventar yig‘ma jildidan olingan ma’lumotlar ayrim turlaridan ko‘chirmalar va nusxalar berish tartibi” ga muvofiq ish yuritilishini ta’minlasin.

3. Shahar hokimligi Axborot xizmati (A.Abdihamidov) mazkur qarorning rasmiy e’lon qilinishini va  hokimlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilishini ta’minlasin.

4. Mazkur qaror rasman e’lon qilingandan keyin kuchga kirishi belgilansin.

5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish shahar hokimining o‘rinbosari J.Axmedov zimmasiga yuklatilsin.

ILOVA: 1

Uy va turar joyning inventar yig‘ma jildidan olingan ma’lumotlar ayrim turlaridan ko‘chirmalar va nusxalar berish tartibi

1. Uy va turar joyning inventar yig‘ma jildi uy yoki turar joy foydalanishga qabul qilinib olinayotganda yoxud turar joy uy-joy fondiga kiritilayotganda tuziladi.

Keyingi texnik hisobga olish uylar va turar joylarni vaqti-vaqti bilan rejali xatlashlar o‘tkazish yo‘li bilan besh yilda kamida bir marta, shuningdek rejadan tashqari tekshirishlar jarayonida hisobga olish ko‘rsatkichlari o‘zgarishlari aniqlanishiga qarab amalga oshiriladi.

2. Uy va turar joyning inventar yig‘ma jildidan olingan ma’lumotlar ayrim turlaridan ko‘chirmalar va nusxalar mustaqil hujjatlarni tashkil etadi.

3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 20-yanvardagi 18-son Qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida uy-joy fondini davlat yo‘li bilan hisobga olishning yagona tizimi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan Uy-joy fondi inson yashashi uchun yaroqli bo‘lgan turar joydan, shu jumladan, uylar, kvartiralar, xizmat turar joylari, maxsus uylar, (yotoqxonalar, vaqtinchalik uy-joy fondi uylari, nogironlar, faxriylar, yolg‘iz qariyalar, internat uylar, shuningdek bolalar uylari va boshqa maxsus maqsadli uylar)dan iborat bo‘lgan fond.

4. Uy-joy fondini hisobga olish texnik hujjatlar yig‘ma jildi, ro‘yxatdan o‘tkazish daftarlari, inventar hujjatlar yig‘ma jildida shakllangan ro‘yxatdan o‘tkazilgan hujjatlarning nusxalari, boshqa inventarizatsiya hujjatlari shahar davlat kadastrlari palatasi shahar filiali arxivida saqlanadi.

5. Uy va turar joyning inventar yig‘ma jildidan olingan ma’lumotlar ayrim turlaridan ko‘chirmalar va nusxalar berish uchun yuridik va jismoniy  shaxslar yoki ularning ishonchli vakillari davlat kadastrlari palatasi Kattaqo‘rg‘on shahar filialiga ariza bilan murojaat qiladi.

6. Arizalar davlat kadastrlari palatasi shahar filiali tomonidan qabul qilib olinadi va shu kunning o‘zida arizalar reestriga qayd qilinadi.

7. Yuridik va jismoniy shaxslar yoki ularning ishonchli vakillari uy va turar joyning inventar yig‘ma jildidan olingan ma’lumotlar ayrim turlaridan ko‘chirmalar va nusxalar berish uchun davlat kadastrlari palatasi shahar filialiga telekommunikatsiya kanallari orqali elektron hujjat ko‘rinishida ariza berishlari mumkin.

8. “Ko‘chmas mulk ob’ektlariga kadastr yig‘majildini tayyorlash” Qoidalariga asosan (ro‘yxat raqami 2725, 03.11.2015-y.) kadastr yig‘ma jildi yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelganda huquq egasining arizasiga muvofiq, davlat kadastrlari palatasi shahar filiali arxivida saqlanayotgan kadastr yig‘ma jildining huquq egasiga tegishli qismlaridan  nusxa olinadi.

Ushbu nusxalardan iborat kadastr yig‘ma jildining har bir varag‘iga davlat kadastrlari palatasi shahar filiali rahbari tomonidan asliga to‘g‘ri degan yozuv kiritiladi va imzolanadi hamda ariza kelib tushgan kundan boshlab ikki ish kun ichida huquq egasiga topshiriladi.

Mazkur tartib talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

 

Shahar hokimi                                                                                                                    G.Alimova

320-7-106/Q 22

22.08.2022 y

Kattaqo‘rg‘on sh

 

2015-2024 © Каттақўрғон шаҳар ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM