​​​​​​​Kattaqo‘rg‘on shahrida umumiy ovqatlanish mahsulotlarining ayrim turlarini maxsus ajratilgan joylarda sotish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida

Shaharda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalarini hamda O‘zbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarini) ishlab chiqarish va sotish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 75-son qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan shahar hududida umumiy ovqatlanish taomlarining ayrim turlarini maxsus ajratilgan joylarda sotish tartibini belgilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunining                                  6-moddasiga asosan,

Q A R O R      Q I L A M A N:

(Yukllab olish PDF)

1. Shahar hududida umumiy ovqatlanish maxsulotlari (taomlari) ayrim turlarini maxsus ajratilgan joylarda sotish tartibi (keyingi o‘rinlarda Tartib deb ataladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi (A.Utaganov), Davlat soliq inspeksiyasi (F.Gʻaniyev), shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bo‘limi (Sh.Tillayev), shahar Qurilish bo‘limi (Sh.Saydiyev) ushbu Tartibga rioya etilishini ta’minlasinlar.

3. Shahar hokimligi Axborot xizmati (A.Abdihamidov), “Kattaqo‘rg‘on tongi” gazetasi (T.Xamidov)larga  мazkur qaror  e’lon qilinsin hamda hokimlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.

4. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiritilsin.

5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish shahar hokimining birinchi o‘rinbosari (M.Toshpo‘latov) zimmasiga yuklansin.

Shahar hokimi                                                                                                         G.Alimova

319-7-106/Q 22

22.08.2022 y

Kattaqo‘rg‘on sh

 

 

 

 

1-ilova

Umumiy ovqatlanish mahsulotlarining ayrim turlarini maxsus ajratilgan joylarda sotish

TARTIBI

I. Umumiy qoidalar

1. Ushbu tartib Kattaqo‘rg‘on shahar hududida majburiy tartibda dehqon (oziq-ovqat) bozorlari va savdo komplekslari (keyingi o‘rinlarda tashkilotlar deb yuritiladi) hududida umumiy ovqatlanish maxsulotlari (taomlari) ayrim turlarini maxsus ajratilgan joylarda sotish tartib-qoidalarini belgilaydi.

2 Umumiy ovqatlanish maxsulotlari (taomlari) ayrim turlarini uy sharoitlarida tayyorlab kelingan yoki joylardagi vakolatli organ qarori bilan maxsus ajratilgan joylarda ovqatlanish o‘rinlari tashkil etmasdan donali tayyorlash va sotish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi — yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.

3. Umumiy ovqatlanish maxsulotlari (taomlari) ayrim turlarini, donali tayyorlash, pishirish va sotish uchun maxsus ajratilgan joylar yengil konstruktiv qurilgan va shaharsozlik, sanitariya va yong‘in xavfsizligi normalari va talablariga javob beradigan, oziq-ovqat mahsulotlarini vaqtincha saqlash, masallik tayyorlash, pishirish va personal shaxsiy gigiyenasiga rioya etish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.

4. Ushbu tartibda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

umumiy ovqatlanish maxsulotlari (taomlari) ayrim turlari — masallig‘i uy sharoitida yoki vakolatli organ tomonidan maxsus ajratilgan joylarda tayyorlanib, ovqat pishirish vositalarida pishiriladigan va sotiladigan donali taomlar (somsa, blinchik, cheburek, manti, xonim, sosiskali kulcha, fast-fud va boshqa donali taomlar);

maxsus ajratilgan joy — belgilangan tartibda faoliyat yuritish uchun ajratilgan, umumiy ovkatlanish maxsulotlari (taomlari) ayrim turlari tayyorlanadigan va sotiladigan joy;

talabgor — uy sharoitida yoki maxsus ajratilgan joylarda ovqatlanish joylarini tashkil etmasdan umumiy ovqatlanish maxsulotlari (taomlari) ayrim turlarini tayyorlash va sotish istagini bildirgan yakka tartibdagi tadbirkor;

vakolatli organ — shahar hokimliklari;

vakolatli davlat organlari — shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi, Davlat soliq inspeksiyasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati shahar bo‘limi, shahar Qurilish bo‘limi;

joylashish sxemasi — vakolatli organ tomonidan maxsus ajratilgan joylarning oldindan tasdiqlangan joylashuvi.

II. Tegishli hududlarda maxsus joylarni ajratish va joylashish sxemasini tuzish

5. Shahar hokimligi tomonidan tashkilotlar ma’muriyati taklifiga binoan umumiy ovqatlanish maxsulotlari (taomlari) ayrim turlarini tayyorlash va sotish uchun maxsus ajratilgan joy tanlangan kundan keyin 1 ish kuni davomida vakolatli davlat organlar tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganiladi.

Vakolatli davlat organlari mazkur o‘rganish yakuni bo‘yicha 3 ish kunida ijobiy yoki salbiy xulosalarini talabgorga taqdim etilishi lozim.

Umumiy ovqatlanish maxsulotlari (taomlari) ayrim turlarini tayyorlash va sotish uchun maxsus ajratilayotgan joyda savdo qilishni rad etilgan taqdirda, vakolatli organlar tomonidan  salbiy xulosa berish uchun asoslarni keltirib o‘tishi lozim.

Talabgor tomonidan vakolatli organning xulosasidagi rad etuvchi sabablarni bartaraf etish imkoniyati mavjud bo‘lsa, 5 ish kuni ichida qayta xulosa olish uchun yuboriladi.

Vakolatli organlar tomonidan o‘rganish natijalari bo‘yicha berilgan xulosalari uchun to‘lov undirilmaydi.

6. Vakolatli davlat organlari bilan kelishish uchun maxsus ajratilayotgan joy alohida ko‘rsatilgan holda tashkilot hududining umumiy joylashish sxemasi taqdim etilishi lozim.

7. Tashkilot hududidagi maxsus ajratilayotgan joylar sanitariya qoidalari va gigiyena normalari, yong‘indan saqlanish va shaharsozlik normalariga javob bergan taqdirda kelishiladi.

8. Maxsus ajratilgan joylarning soni hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanganlik darajasi, savdo aylanmasining yuqori va pastligi, aholining kunlik iste’mol talabidan kelib chiqib vakolatli organlar tomonidan belgilanadi.

9. Donabay umumiy ovqatlanish maxsulotlari (taomlari) ayrim turlari masalliqlarini uy sharoitida tayyorlab kelib pishirib sotish yoki maxsus ajratilgan joyda tayyorlab, pishirib sotish joylarining joylashish sxemasi tashkilot ma’muriyati taklifiga binoan vakolatli organlari tomonidan tuziladi hamda joylashuv sxemasi xaritasi tashkilotga kirish joyi qismida ko‘rinarli tarzda joylashtirilishi shart.

Umumiy ovqatlanish maxsulotlari (taomlari) ayrim turlarini sotish uchun maxsus joylarni ajratish har ikki yilda bir marta qayta ko‘rib chiqiladi.

III. Umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (taomlarini) maxsus ajratilgan joylarda sotish talab va shartlar

10. Talabgor tashkilot ma’muriyati bilan tuzilgan ijara shartnomasi asosida uy sharoitida yoki vakolatli organ qarori bilan maxsus ajratilgan joylarda umumiy ovqatlanish maxsulotlari (taomlari) ayrim turlarini tayyorlash va sotish bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi.

Ushbu xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.

Xizmat ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirish davomida nazorat-kassa texnikasi qo‘llanilmaydi.

Umumiy ovqatlanish maxsulotlari (taomlari) ayrim turlarini tayyorlash va sotishni amalga oshirishning majburiy talablari va shartlari quyidagilardan iborat:

sanitariya qoidalari va gigiyena normalari;

yong‘indan saqlanish normalari;

texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishi lozim.

Talabgorlar va ular tomonidan yollangan xodimlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart.

Umumiy ovqatlanish mahsulotlari (taomlari) ayrim turlari uy sharoitida tayyorlansa, ovqat masalliqlari vaqtincha saqlanishi, taom tayyorlanishi, pishirilishi jarayoni va foydalaniladigan xonalar hamda jihozlar sanitariya qoidalari va gigiyena normalariga muvofiqligi yakka tartibdagi tadbirkorning zimmasiga yuklanadi.

Maxsus ajratilgan joylarda maishiy chiqindilarni yig‘ish uchun qopqoqli chiqindi qutilari bo‘lishi lozim.

11. Umumiy ovqatlanish maxsulotlari (taomlari) ayrim turlarini tashkilotlarning kirish yo‘laklari, avtomobil to‘xtash joylarida, bozor va savdo kompleksi hududida joylashgan savdo magazinlariga kirish yo‘llariga tutash joylar, hojatxona, chiqindixonaga 25 metr va undan kam masofada joylashgan hududlarda tayyorlash va sotishga yo‘l qo‘yilmaydi.

IV. Ushbu Tartibga rioya etilishini nazorat qilish

12. Ushbu tartibga rioya etilishini nazorat qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.

V. Yakunlovchi qoidalar

13. Ushbu tartib asosida faoliyat olib boruvchi talabgorlarning soni cheklanmaydi.

14. Maxsus ajratilgan joylarda umumiy ovqatlanish maxsulotlari (taomlari) ayrim turlarini tayyorlash va sotish davomida muhandislik- kommunikasiya tarmoqlariga ulanish talabgorlar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.

15. Ushbu tartib talablarini buzgan aybdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.

 

 

 

2015-2024 © Каттақўрғон шаҳар ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM