insurez
31-05-2025 11:36

YANA BIR MAKTABGACHA TAʼLIM TASHKILOTI YANGI BINOGA EGA BOʻLDI


Keyingi yillarda shahrimizda taʼlim tizimida, xususan, maktabgacha taʼlim sohasida ijobiy ishlar olib borilib, keng koʻlamdagi oʻzgarishlar amalga oshirildi. Yangi maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlari barpo etildi. Moddiy texnik bazasi yaxshilandi. Pedagog kadrlarning salohiyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Shu jumladan, 18 maktabgacha taʼlim tashkiloti yangi binosining foydalanishga topshirilgani ham bu boradagi ishlarning amaliy natijasi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Tadbirda shahar hokimi Gavhar Alimova, taʼlim sohasi xodimlari, jamoatchilik vakillari, mahalla faollari ishtirok etdi.

Shahar hokimi muassasa xodimlarini yangi binoda ish olib borishlari bilan muborakbod etdi va kelgusida taʼlim tashkilotida tarbiyalanuvchilar uchun munosib taʼlim-tarbiya jarayonlarini tashkil qilishlari, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni oʻtkazishga eʼtibor qaratishlari lozimligini taʼkidladi.

Shundan soʻng mazkur binoni barpo etishda xizmat qilgan qurilish tashkiloti xodimlarining mehnatlari eʼtirof etildi.

Binoning ochilish ramzi boʻlgan lentalarni kesgan nuroniylar taʼlim muassasasining kelgusidagi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladilar. Muassasada yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar.

Yangi bino 180 oʻringa moʻljallangan boʻlib, barcha imkoniyatlarga ega. Oʻquv mashgʻulotlari, yotoqxona, ovqatlanish xonasi va oshxona, jismoniy tarbiya va boshqa xonalar zamon talablari darajasida jihozlangan. Tarbiyalanuvchilarning taʼlim-tarbiya olishlari uchun barcha qulayliklar yaratilgan.

Shuningdek, muassasadagi ustoz pedagoglar ham yaratilgan sharoitlardan mamnunliklarini bidirdilar. Bu imkoniyatlar ularni yanada masʼuliyat bilan ishlashga undashini taʼkidladilar.

Teglar
- -