MUNOSABAT
Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida joriy yilning 26 may kuni mahalliy sanoatni rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida bugungi tahlikali va noaniqliklarga to‘la sharoitda har bir mamlakat, avvalo, eng ko‘p ish o‘rinlari yaratadigan sohalarni himoyalash choralarini ko‘rayotganini ta’kidladi.
Yig‘ilishda mahalliy sanoatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bu boradagi holat tuman va tarmoqlar kesimida tahlil qilinib, kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek davlatimiz rahbari muhim tashabbusni ilgari surdi. O‘zbekistonda Milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi tashkil qilinadi. Unga xorijdan brend-menejer, dizayner, marketologlar jalb etilib, milliy brendlarimizni jahon bozoriga olib chiqishga ko‘maklashiladi. Xalqaro sertifikati bor, raqobatbardosh mahsulotlarga sifat belgisi berilib, dunyoda keng targ‘ib etiladi.
Milliy brendlarni ko‘paytirish, mavjudlarini xalqaro darajaga olib chiqish bo‘yicha ham yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.
O‘tgan yilning o‘zida mebelsozlik yo‘nalishida 920 ta yangi korxona ish boshladi. Sohada 6 trillion 700 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.
Sharof Rashidov, Yangi Namangan, Pastdarg‘om, O‘rtachirchiq, Quva, Buvayda, Yunusobod va Uchtepada ham Xonqa tajribasi asosida mebelchilik markazlarini ishga tushirish topshirildi.
Yiliga 1 ming nafar mebel ustalarini zamonaviy ko‘nikmalarga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.
2024 yilda zargarlikda ishlab chiqarish 200 million dollardan oshdi, eksport 17 foizga o‘sib, 92 million dollarga yetdi.
Endilikda zargarlar ham yakka tadbirkor sifatida tilla buyumlari savdosi bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi.
Joylardagi norasmiy zargarlik rastalari zamonaviy ko‘rinishga keltirilib, ularning faoliyati qonuniylashtiriladi.
Aholi soni o‘sishi, urbanizatsiya jarayoni qurilish materiallariga bo‘lgan talabni oshirmoqda.
Endilikda, developerlarga aylanma mablag‘ uchun kredit ajratishda mahalliy qurilish materialiga ustuvorlik beradigan tizim joriy qilinadi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar va tadbirkorlarning takliflari eshitildi.
Normurod Hakimov,
Xalq deputatlari shahar Kengashi Kotibiyat mudiri.