KATTAQO‘RG‘ON SHAHAR HOKIMI ALIMOVA GAVHAR ZAYIROVNANING 1 OKTABR-O‘QITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI
Muhtaram ustoz va murabbiylar!
Avvalambor Siz aziz ta’lim sohasining fidoyi va jonkuyar xodimlarini 1 oktabr - “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bilan samimiy muborakbod etaman.
Mamlakatimizda ta’lim tizimini rivojlantirish, yosh avlodni har tomonlama komil insonlar qilib voyaga yetkazishda sizning zaxmatli mehnatlaringiz mujassam. Shu boisdan ham Sizning kelajagimiz bo‘lgan yoshlarni yetuk salohiyat va yuksak bilim sohiblari bo‘lishlari yo‘lidagi xizmatlaringizni alohida e’tirof etamiz.
Bugun Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ustoz-pedagoglarni Uchinchi Renessansning to‘rt tayanch ustuni deb e’tirof etilayotgani muallim va ustozlarning sha’ni va g‘ururini yuksaltirish, mashaqqatli va sharafli mehnatlarini rag‘batlantirish borasidagi ishlarni yuqori pog‘onaga olib chiqishi bilan birga soha xodimlari qalbida ulkan faxr va iftixor tuyg‘usini uyg‘otmoqda. Zero, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, jamiyat hayotida o‘qituvchining o‘rni va ta’siri oshsa – maktabning obro‘yi oshadi, ilm-fan, ta’lim va tarbiya sohasining qadri ko‘tariladi. Muallimning obro‘-e’tibori esa bu millatning, butun xalqning obro‘-e’tiboridir.
Azizlar!
Bugun mamlakatimizda yosh avlodning munosib ta’lim olishi uchun maktabgacha ta’limdan boshlab oliy ta’limgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan mukammal bir tizimning yo‘lga qo‘yilganligi sohadagi muvaffaqqiyatlarga zamin yaratmoqda.
Shahrimizdagi 54 ta davlat, xususiy va oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 7 mingga yaqin tarbiyalanuvchilar ta’lim-tarbiya olmoqdalar. Shu o‘rinda maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglarining kasb mahoratlarini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar natijasida pedagoglarimiz ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritmoqdalar. Jumladan, 8-son davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Zulfiya Xidirova “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi-2024” kasbiy ko‘rik tanlovi respublika bosqida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Xuddi shuningdek, 19-son davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Nazira Ochilova ham mazkur tanlovda 3-o‘rinni egallab, oliy ta’lim muassasasiga grant asosida o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Hurmatli ustozlar!
Agarda dunyoda imoratlar ichida eng ulug‘i maktab bo‘lsa, kasblar ichida eng sharaflisi o‘qituvchilik va murabbiylikdir! Maktab deganimizda har birimizning ko‘z oldimizda birinchi navbatda biz uchun qadrdon bo‘lgan maskan, bizga harf o‘rgatgan, ezgulikdan saboq bergan mehribon muallimlarimiz siymosi gavdalanadi.
Ne-ne ulug‘ zotlar Ibn Sino, al-Xorazmiy, al-Beruniy va ko‘plab olimlar, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temurdek lashkarboshilar, Imom Buxoriy, Imom Moturudiy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Mirzo Bobur, So‘fi Olloyordek ko‘plab ajdodlarimizni buyuk insonlar sifatida tarix sahifalarida nom qoldirishlarida ustoz va murabbiylar xizmatlari beqiyos bo‘lgan.
Butun borlig‘i qalb qo‘ri va ko‘z nurini yoshlarning bilim olishiga bag‘ishlagan ana shunday fidoyi va mu’tabar insonlarning mehnatlari haqini Alisher Navoiy bobomiz ta’kidlaganidek, dunyoning bor boylik va xazinasi bilan ham ado etib bo‘lmaydi.
Kattaqo‘rg‘onlik o‘g‘il-qizlarimizga munosib ta’lim-tarbiya berib kelayotgan, Siz aziz ustozlarni ham fidoyi kasb egalari desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘tgan o‘quv yilida shahardagi mavjud 17 ta umumta’lim maktablari, 1 ta Ixtisolashtirilgan maktab va 1 ta nodavlat ta’lim muassasalarini 807 nafar o‘quvchilarimiz bitirdi. Ularning 18 nafari oltin va 4 nafari kumush medallar bilan o‘qishni tamomladi. Jami bitiruvchilarimizdan 264 nafari davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishgan bo‘lsa, shulardan 59 nafari davlat granti asosida, 206 nafari to‘lov kontrakti asosida o‘qishga qabul qilinib, viloyatda shahrimiz ko‘rsatkichi o‘tgan yilgi 14-o‘rindan 3-o‘ringa ko‘tarildi. Bu ko‘rsatkich Kattaqo‘rg‘on shahri uchun yetarli emas deb hisoblayman, chunki shahrimizda iqtidorli, tirishqoq, o‘qishga chanqoq, bilimli o‘quvchilarimiz juda ko‘pchilikni tashkil etadi.
Shu o‘rinda umumta’lim muassasalarida ham 2023-2024-o‘quv yilida viloyat va Respublika miqyosida o‘tkazilgan tanlovlarda bir qator sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi. Jumladan, 11-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab milliy gvardiyasining “Bars” jamoasi viloyatda 1-o‘rinni, Respublika bosqichida 4-o‘rinni, 14-IDUM o‘quvchi va o‘qituvchilari “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” Respublika tanlovining viloyat bosqichida 3-o‘rinni, 2-IDUM jamoasi “Yosh kitobxon” tanlovining Respublika bosqichida 3-o‘rinni egallaganlari shular jumlasidandir.
Shuningdek, 3-maktab o‘quvchisi Sevara Mamatovaning boks bo‘yicha Jahon chempioni hamda ikki karra Osiyo chempioni bo‘lganligi, 20-maktab o‘quvchisi Solihabonu Dagarovaning Toshkent shahrida qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan IT bo‘yicha olimpiadaning Respublika bosqichida 3-o‘rinni qo‘lga kiritib, Yevropada o‘tkazilgan Xalqaro olimpiadada ishtirok etganligini alohida e’tirof etish joiz deb hisoblayman.
O‘quvchi-yoshlarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashlari bilan birga muayyan bir kasb-hunarni egallashlari borasida ham shahrimizda tizimli ishlar olib borilmoqda.
Kattaqo‘rg‘on shahrida faoliyat yuritayotgan tibbiyot, pedagogika, iqtisod va boshqa yo‘nalishlardagi bilim yurtlari, Ishga marhamat monomarkazi, kasb-hunar, maxsus internat, san’at va sport maktablarida ham soha fidoyilari, jonkuyar ustoz-murabbiylar yoshlarga kasb-hunar sirlarini o‘rgatib kelmoqdalar. Bugun ushbu qutlug‘ ayyom arafasida biz yuqoridagi ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan barcha fidoyi va jonkuyar ustozlarga o‘zimizning chuqur minnatdorchiligimizni izhor etamiz.
Aziz pedagoglar!
Shahrimizda faoliyat yuritayotgan Samarqand davlat universiteti Kattaqo‘rg‘on filialida bugungi kunda 110 nafar malakali professor-o‘qituvchilar 2500 dan ortiq talabalarga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Universitetda yaratilgan shart-sharoitlar natijasi o‘laroq o‘qituvchi-pedagoglarning ilmiy salohiyatining yildan yilga oshib borayotgani quvonarli, albatta.
Shuni ta’kidlash lozimki, 1 oktyabr-O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida universitet filialining yangidan barpo etilgan muhtasham o‘quv binosi va talabalar turar joyining foydalanishga topshirilishi ta’lim muassasasi jamoasi va talabalari uchun bayramga munosib sovg‘a bo‘lishi va ushbu sana ham unutilmas kun bo‘lib qolishiga ishonamiz.
Muhtaram o‘qituvchi-murabbiylar, aziz ustozlar!
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bugun biz sizga eng katta boyligimiz- millionlab farzandlarimiz, o‘g‘il-qizlarimizning taqdirini, yurtimiz istiqbolini ishonib topshirganmiz. Ushbu vazifani sidqidildan ado etib kelayotgan siz kabi fidoyi va jonkuyar insonlar, kelajak bunyodkorlariga har qancha tasannolar aytsak arziydi.
Sizlarni yana bir bor 1 oktabr – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bilan chin dildan muborakbod etaman. Barchangizga uzoq umr, mustahkam sog‘lik va xonadoningizga fayzu-baraka, barkamol avlodni voyaga yetkazishdagi ezgu ishlaringizga ulkan zafarlar tilayman!