UCH AVLOD UCHRASHUVI: 30 YILLIK XOTIRALAR

Maktab quchog‘i, ustozlar, sinfdoshlar bilan o‘tkazilgan eng shirin damlar har bir insonning qalbida bir umrga muhrlanadigan eng shirin xotira desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, ushbu davr beg‘ubor bolalikni yodga soladi.

Yaqinda shahrimizdagi 2-IDUMda yig‘ilgan uch avlod, faxriy ustozlar, 30 yillik sobiq bitiruvchilar va shu kunlarda maktabni tugatish arafasida bo‘lgan bitiruvchilar yana bir bor mana shu hislarni dildan o‘tkazdilar.

Tadbirda shahar hokimi Gavhar Alimova, sobiq bitiruvchilar Xalqaro Nordik universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor – Sherzod Mustafakulov, "O‘zbekneftgaz" aksiyadorlik jamiyati, bosh mutaxassisi – Nargiza Shamsiddinova, faxriy ustozlar va yoshlar ishtirok etdilar.

Mehmonlar dastlab, maktab hovlisidagi ko‘rgazmalar va yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish asnosida maktabning avvalgi va bugungi hayotiga nazar soldilar.

Shundan so‘ng maktabdagi faollar zalida uchrashuv o‘tkazildi.  

Unda so‘z olgan shahar hokimi Gavhar Alimova keyingi yillarda ta’lim sohasiga berilayotgan ulkan e’tibor, yosh avlodning ta’lim-tarbiya olishlari yo‘lida yaratilayotgan imkoniyatlar, mana shu sa’y-harakatlarning natijasi o‘laroq ushbu maktabda olib borilgan qurilish va ta’mirlash ishlari bois muassasaning zamonaviy qiyofa aks etganini aytar ekan, albatta, yoshlar bu imkoniyatlardan unumli foydalanishlari lozimligini ta’kidladi.  

Shundan so‘ng so‘z olgan maktabni 30 yil avval bitirgan Xalqaro Nordik universiteti rektori Sherzod Mustafakulov ham o‘quvchilik davrlarini xotirlar ekan haqiqatdan ham maktabning bugungi holati, zamon talablariga javob beradigan ko‘rkam bir maskanga aylangani bu kattaqo‘rg‘onlik yoshlarga munosib sovg‘a bo‘lganligini bildirdi.

Sh.Mustafaqulov va uning tengdoshlari maktab chog‘larini ajoyib videorolik orqali esga oldilar.

-To‘g‘risi 30 yil orqaga qaytgandek, yana bir bor ustozlarning mehrini, sinfdoshlar bilan o‘tkazilgan o‘sha beg‘ubor davrlarga tushib qolgandek bo‘ldik, bu damlar bir umrga qalblarimizga muhrlandi,- deydi sobiq bitiruvchilar ko‘zlariga yosh olib.

Ular ustozlarga bo‘lgan  o‘z tashakkurlarini sovg‘alari va mehrlari orqali ulashdilar.

Ayniqsa, Xalqaro Nordik universiteti rektori Sherzod Mustafakulov tomonidan maktabning bitiruvchisi Luiza Xayrullaevaga universitetga grant asosida o‘qishga kirishi uchun yo‘llanmaning topshirilishi barchaning olqishiga sazovor bo‘ldi.

Qarangki, tavallud kunida mana shunday yutuqni qo‘lga kiritgan Luiza kelgusida bu ishonchni oqlashini va yurtimiz, shahrimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishiga va’da berdi.

Shu kuni uch avlod uchrashuvi samimiy ruhda o‘tkazildi. Tadbirning so‘nggida  faxriy ustozlar o‘zlarining ezgu tilaklarini tiladilar va duoga qo‘l ochdilar.  

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi axborot xizmati.

2015-2024 © GOVERNMENT OF KATTAKURGON CITY. Maked by: SAKTRM